Mirahmad Mirzarahimov

Mirahmad Mirzarahimov

TARJIMAI HOL

Mirzarahimov Mirahmad Mirakbarovich 1951-yil 17-dekabrda Toshkent shahrining Chig‘atoy darvoza mahallasida Forobiy ko‘chasi 223-uyda shifokor oilasida tavallud topdi. Boshlang‘ich va o‘rta ta’limni Oktabr tumani (hozirgi Shayxontohur tumani) dagi Voroshilov nomli 46-o‘rta maktabda oldi. 1969-yilda mazkur maktabni a’lo baholar bilan tugatdi.

1969-1975-yillarda Leningrad elektrotexnika instituti (Ленинградский ордена Лениниа электротехнический институт им.В.И.Ульянова (Ленина))da tahsil oldi va institutni elektron-tibbiy apparatura muhandisi mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi.

Mirzarahimov M.M. o‘z mehnat faoliyatini 1975-yilda O‘zSSR Fanlar Akademiyasining Kibernetika ilmiy-tekshirish instituti qoshidagi hisoblash markazida ilmiy xodim sifatida boshladi. Keyinchalik muhandis va bosh muhandis  lavozimida biotexnika laboratoriyasida faoliyat yuritdi.1981-yilda Toshkentdagi tibbiy elektrotexnika texnikumida tibbiy elektrotexnika apparaturasi fani o‘qituvchisi sifatida pedagogik faoliyatini boshladi.

Mehnat faoliyatini “Andijonkabel” qo‘shma korxonasida bosh injener-metrolog lavozimidan 2012-yil16-yanvarda nafaqa chiqishi munosabati bilan tugatdi.

Mirzarahimov M.M. o‘z faoliyati davomida bir qancha ilmiy maqolalar yozdi. U 2020-2023-yillar mobaynida taniqli amerikalik mutaxassislar Paul Xorovits va Uinfild Xillning elektronikaning jadal rivojlanayotgan sohalariga bag‘ishlangan va keng o‘quvchilar ommasiga ma’lum bo‘lgan “The Art of Electronics” nomli dunyo miqyosida shuhrat qozongan monografiyasi bilan o‘zbek mutaxassislarini ham tanishtirish maqsadida kitobni ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qildi.Elektronika, avtomatlashtirish, kompyuter texnologiyalari sohasidagi mutaxassislar, shuningdek, universitetlarning tegishli mutaxassisliklari talaba va magistrlari uchun mo‘ljallangan mazkur asarning o‘zbek o‘quvchilari e’tiboriga havola etilishi  xolis bo‘lib, har qanday tijoriy maqsaddan holidir.

 

Mirzarahimov M.M. uylangan, ikki nafar farzandi bor.

Mirzarahimov Mirahmad Mirakbarovich 2023-yil 2-iyulda Toshkent shahrida vafot etdi.